TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tayotgan IV Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana bir qator medallar qo‘lga kiritdi.
Para-yengil atletika
Para-yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Mohigul Hamdamova O‘zbekiston delegatsiyasiga yana bir medal taqdim qildi. F54 klassida ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish dasturida Mohigul 9.31 metr natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, para-yengil atletikaning T13 klassida erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Doniyor Ahmedov 6.88 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Para-pauerlifting
Erkaklar o‘rtasida -72 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bekzod Jamilov 204 kg natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Para-pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasida kechgan -55 kg vazn toifasidagi bellashuvlar ham O‘zbekiston delegatsiyasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Unda ishtirok etgan Muslima Nuriddinova 107 kg toshni bo‘ysundirgan holda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Para-dzudo
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Munisa Madrimova kumush medalga sazovor bo‘ldi. Sportchi J2 klassida -70 kg vazn toifasidagi hal qiluvchi bahsda imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida J1 klassida +70 kg vazn toifasida ishtirok etgan Feruza Ergasheva ham kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Para-velosport
Para-velosportning trek poygalarida ishtirok etgan G‘olibbek Mirzayorov marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, erkaklar o‘rtasida S4-5 klassida ta’qib poygasi dasturida ishtirok etgan Azimbek Abdullayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Sportchi 3000 metrga kechgan poygada uchinchi natijani qayd etdi.