TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekistonda kibermakondagi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.
Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, keyingi paytlarda Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda bir qator shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari ro‘y bermoqda.
Kibermakonda shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish holatlari ham uchrab turibdi.
Sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, kripto-aktivlarni noqonuniy aylanmasi, xususan noqonuniy mayning faoliyati uchun jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.