Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi mahallaga tashrif buyurdi

Prezident mahallada aholi uchun yaratilgan sharoitlar va yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahridagi "Oydin" mahallasida bo‘lib, aholi turmushi, hududdagi obodlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan tanishdi.
Mahalladi 11 mingga yaqin aholi yashaydi, ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, bitta umumta’lim maktabi mavjud.
Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi "Oydin" mahallasiga tashrif buyurdi
Mahallada xizmat ko‘rsatish sohasi, tikuvchilik va hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Xususan, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va boshqa turdagi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy aholi ish bilan band.
2023 yilda uchta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan. Ko‘p qavatli uylarda kommunal xizmatlar “Oydin boshqaruv servis kompaniyasi” tomonidan ko‘rsatilmoqda. Xususan qish mavsumi oldidan ko‘p qavatli uylarda zarur tayyorgarlik choralari ko‘rilgan: 10ta uyning tomi, yuzdan ortiq yo‘laklar ta’mirlangan, issiqlik quvurlari izolyatsiya qilingan.
Mahalla hududida “Yashil makon” loyihasi doirasida olti ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilgan. Ko‘chalar asfaltlangan, yoritgichlar o‘rnatilgan. Ikki kilometrlik piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilgan.
Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi "Oydin" mahallasiga tashrif buyurdi
Shavkat Mirziyoyev mahalladagi 11-uyda yashovchi Dilshod Nabiyev xonadonida mehmon bo‘ldi. Oila boshlig‘i xususiy tadbirkor. Turmush o‘rtog‘i Hurriyatxon bilan ikki farzandni voyaga yetkazmoqda.
Prezident mahallaning yangi markazi – mahalla guzari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.
Qarshi shahri mas’ullari, mahalla “yettiligi” hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi "Oydin" mahallasiga tashrif buyurdi