TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Rossiyaning to‘qqizta aviakompaniyasi Toshkentga yangi parvozlar yo‘lga qo‘yish uchun Rosaviatsiyadan ruxsat so‘radi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Ruxsat so‘ragan kompaniyalar orasida, "Aeroflot", “Uralskie Avialinii”, "YuTeyr", "Smartavia", “Azur Air”, "Yakutiya", "Iraero", Nordwind va Nord Star” kompaniyalari bor, — deyiladi xabarda. Bundan oldin "Aeroflot"ga haftasiga 18 tagacha, "UTair"ga esa 7 tagacha reysni amalga oshirishga ruxsat berilgan edi.
Moskva va Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning maksimal soni haftasiga 39 tadan 50 taga ko‘paytirildi. "Aeroflot" O‘zbekiston poytaxtiga 11 ta yangi parvoz uchun ariza topshirdi. “Uralskie Avialinii”, "YuTeyr", Smartavia va "Iraero" kompaniyalari yettita reys uchun ariza topshirgan.
"Nord Star" haftasiga to‘rtta, "Nordwind" - uchta reysni amalga oshirishga tayyor. "Azur Air" va "Yakutiya" aviakompaniyalari haftasiga ikkita reys uchun ariza topshirgan.
Sankt-Peterburg va Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning maksimal soni yettitadan 14 taga ko‘paytirildi. "Aeroflot", Smartavia, "YuTeyr" va “Uralskie Avialinii” kompaniyalari 7 ta yangi reys uchun ariza topshirgan. "Nordwind" va "Nordstar" haftasiga uchta, "Yakutiya" - ikkita reys uchun da’vo qilmoqda.
Krasnoyarsk-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar soni ham 14 taga ko‘paytirildi. Bunga "Rossiya", "Smartavia" va "Nord Star" aviakompaniyalari yettitadan, "Yakutiya"dan ikkitadan ariza topshirgan.