TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Rossiya migrantlar soni bo‘yicha dunyo reytingida to‘rtinchi o‘rinda. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev ma’lum qildi.
Kolokolsev noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va xorijiy fuqarolarning qonun buzishining oldini olishga oid masalalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Rossiya boshqa mamlakatlardan kelayotgan mehmonlarni ko‘rishdan shod ekanini ta’kidladi.
“Ammo ular qonun ustuvorligi ularning shaxsiy odatlaridan ustun ekanini tushunishlari, bizda qabul qilingan odob-axloq qonunlari va normalariga rioya qilishlari, an’ana va ma’naviy qadriyatlarni hurmat qilishlari shart”, - dedi Kolokolsev.
Qayd etilishicha, hozir Rossiyada Davlat migratsiya siyosati konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Rossiyaga tashqi mehnat resurslarini jalb qilish uchun 16 ta idora jalb qilingan. Mamlakatda xorijliklar bo‘lib turishi ustidan nazorat mexanizmlarini kengaytirishga oid faoliyat davom ettirilmoqda.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, mehnat migrantlari reyestrida 4 milliondan ziyod kishi paydo bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga ko‘maklashish uchun komissiya ish boshlagani xabar qilingan edi. Komissiya Rossiyada mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan o‘zbekistonliklarning muammolarini o‘rganish hamda ularga amaliy yordam berish bilan shug‘ullanmoqda.