Magnit bo‘ronlari ta’siridan qanday himoyalanish kerak – mutaxassis javobi

Magnit bo‘ronlarining insonga ta’siri kamayishi uchun yengil yeguliklar, meva va sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Kunlik taomnomada tuz miqdorini kamaytirish kerak.
Sputnik
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. So‘nggi paytlarda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, O‘zbekistonda magnit bo‘ronlari tez-tez sodir bo‘lmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, magnit bo‘ronlarini asosan yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astmasi bor bemorlar ko‘proq his etadi.
Magnit bo‘ronining salbiy ta’siridan qanday himoyalanish lozim? Sputnik muxbiri shu va boshqa savollar bilan oliy toifali shifokor Ra’no Nosirovaga murojaat qildi.
Nosirovaning so‘zlariga ko‘ra, magnit bo‘ronlari surunkali xastaliklar bilan aziyat chekadigan insonlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“Arterial gipertoniya xastaligi bor insonlarda qon bosimi ko‘tariladi. Gipotenziv bemorlarning qon bosimi aksincha pasayadi. Qandli diabeti bor kishilarning qonida qand miqdori ortadi. Tananing stresslarga chidamliligi pasayadi. Natijada asab tizimida muammosi bor insonlarda asabiylik, holsizlik, reaksiya susayishi yoki kuchayishi belgilari yuzaga keladi”, — dedi shifokor.

Shuningdek, ayrimlarda yorug‘lik va baland tovushlarga og‘riqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha uyquchanlik paydo bo‘ladi.
Salbiy ta’sirlaridan himoyalanish uchun to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish kerak. Bunda og‘ir taomlardan tiyilish tavsiya etiladi. Yengil yeguliklar, xususan, qaynatilgan ovqatlar, ho‘l meva va sabzavotlar iste’mol qilish kerak.

“Taomlarga qo‘shiladigan tuz miqdori, jismoniy mehnatni ham kamaytirish lozim. Shuningdek, aqliy zo‘riqishlardan tiyilish, spirtli va energetik ichimliklardan mutlaqo voz kechgan ma’qul”, — deya tavsiya qildi mutaxassis.

Ta’kidlanishicha, tez-tez iliq dush qabul qilish ham magnit bo‘ronining salbiy ta’sirini yengishda qo‘l keladi.
Surunkali kasalliklarga chalingan insonlarning yonida kerakli dori-darmonlarn bo‘lishi lozim. Ular har bir preparatni shifokor nazoratida qabul qilishi va qon bosimini tez-tez nazorat qilib turish kerak.
Kuzda quyosh faolligi oshishi kutilmoqda
Magnit bo‘roni - nimalarga e’tibor berish kerak