TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Turkiyaning “Sunexpress” aviakompaniyasi Izmir – Samarqand – Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam yo‘lovchi qatnovlarini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yo‘nalishdagi reyslar 12-noyabr kuni boshlanishi rejalashtirilgan. Parvozlar haftasiga uch marta dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
“Sunexpress” aviakompaniyasi Antaliyada (Turkiya) joylashgan. Turkiya va Yevropa bo‘ylab muntazam va charter yo‘lovchi reyslarini amalga oshiradi.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” 4-noyabrdan Toshkentdan Anqaraga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar qilingan edi.