Ishoqxon Ibrat — biografiya

Ishoqxon Ibrat - milliy uyg‘onish davrining faol ijokorlaridan biri, serqirra iste’dod sohibi, zabardast tilshunos, ma’rifatparvar shoir, ilk o‘zbek matbaachilaridan biri.
Sputnik
Tarjimai holi
U 1862-yili Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Uning ota-onasi Junaydullaxo‘ja va Huribibi o‘z davrining ancha savodli kishilari bo‘lgan. Ishoqxon dastlab onasining qo‘lida savodini chiqarib, keyin hijo usuliga asoslangan mahalla maktabida o‘qidi. Onasi Huribibi maktabdor bo‘lib, o‘z maktabida qizlarga yozish va xusnixatni o‘rgatar edi. Shuning uchun ham Ishoqxon o‘z asarlarida onasini ustozi sifatida ko‘p ta’riflaydi. Adabiyot va san’atga ixlosi baland Ishoqxonni o‘qishni davom ettirishi uchun Qo‘qonga yuboradilar. U 1878-1886 yillari Muhammad Siddiq Tunqator madrasasida o‘qiydi. O‘sha davrlarda Qo‘qon adabiy muhitining yirik namoyandalari Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Nodim, Haziniylar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan, adabiy mushoiralarda ishtirok etgan.
Faoliyati
Madrasani tugatib, To‘raqo‘rg‘onga qaytgan Ibrat o‘z qishlog‘ida maktab ochadi. Uning maktabi o‘sha vaqtlarda urf bo‘layotgan zamonaviy rus maktablaridagi ilg‘or metodikani tatbiq qildi. Ammo bu maktab uzoq faoliyat ko‘rsata olmadi. Mutaassiblar uni yopishga muvaffaq bo‘ldilar. Chet el hayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishishni istagan Isxoqxon Sharq mamlakatlari bo‘ylab safarga otlandi. Jidda, Istanbul, Sofiya, Rim kabi Yevropaning markaziy shaharlarida bo‘ldi. Ancha vaqt Afg‘onistonning Kobul, Arabistonning Jidda shahrida yashadi. Makka shahridan Qizil dengiz va Hind okeani orqali Hindistonga keldi. 1892-1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlaridan Bombey va Kalkuttada yashadi. Bu yerda ko‘p ishlatiladigan arba’ lison, ya’ni to‘rt tilni: arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rgandi. 1896-yili Hindistondan Birma orqali Xitoyga, so‘ngra Koshg‘arga o‘tadi va Namanganga qaytib keladi. Chet eldan qaytgach, olti tilni o‘z ichiga olgan “Lug‘ati sitta alsina” (“Olti tilli lug‘at”) asarini yozdi. Asar ancha qiyinchiliklar bilan 1901-yili Toshkentda Ilin bosmaxonasida chop etildi. Ilg‘or pedagog sifatida 1907-yilda o‘z uyida yangi usuldagi maktab ochdi. Unda 30 nafar qishloq bolalarini o‘qitdi.
1907 yili Ibrat Orenburgga boradi va Rizo Faxriddinning “Sho‘ro” jurnali faoliyati bilan tanishadi. U Orenburgda Gaufman degan matbaachidan pulini o‘n yil mobaynida to‘lash sharti bilan 1901-yilda chiqqan litoografik mashina sotib oladi. Ishoqxon litografik mashina va harflarni katta mashaqqatlar bilan Orenburgdan Qo‘qonga poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarda olib keladi. 1905-yili o‘zi qurdirgan hammom o‘rnida bosmaxona tashkil qiladi va “Matbaai Ishoqiya” nomi bilan ishga tushiradi.
Ishoqxon Ibrat jahon ilmi va madaniyatida yaratilgan har bir ilg‘or yangilikdan o‘z xalqini bahramand etishga harakat qildi. 1908-yili tashkil qilingan “Fotografiyai Ishoqiya”, 1910-yili To‘raqo‘rg‘on aholisi uchun bunyod etilgan istirohat bog‘i buni tasdiqlaydi. U otasidan qolgan katta yerni gulbog‘ qildi. Favvora qurdirdi. 150 tup manzarali daraxtlardan xiyobon yaratdi. Yevropa uslubida katta imorat qurdirib, uning arkiga “Xush kelibsiz, Ishoqiya bog‘iga” deb yozdirib qo‘ydi. To‘raqo‘rg‘on ahli hozirgi kunda ham bu bog‘ni shu nomda ataydi.
Ishoqxon Ibrat 1897-1924 yillarda uzluksiz To‘raqo‘rg‘on qozisi lavozimida faoliyat ko‘rsatib adolatni, haqni ro‘yobga chiqishida ancha xizmat qildi.
Ijodiy yo‘li
Ibrat - iste’dodli shoir. U uch – o‘zbek, fors va arab tillarida erkin ijod qilgan. O‘z she’rlarini to‘plab devon tuzgan. Ammo mazkur devon bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, shoirning katta hajmdagi she’rlari vaqtli matbuotda bosilib chiqqan, bayozlarga kiritilgan. Ibrat o‘z she’rlarining kichik qismini 1909-yili o‘z matbaasida bosmadan chiqargan. Bundan tashqari jahon yozuvlari tarixiga bag‘ishlangan “Jome’ul-xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) asarlarini yaratdi. Olimning mazkur asari katta hajmda - 132 betdan iborat bo‘lib, 1912-yilda o‘zining bosmaxonasi “Matbaai Ishoqiya” tomonidan nashr qilindi. Bundan tashqari muarrix sifatida “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezonuz-zamon” ilmiy asarlarini yaratdi.
Minglab ziyolilarning yostig‘ini quritgan qatag‘onning dahshatli kezlari – 1937-yilning ilk bahorida Ishoqxon Ibrat ham qamoqqa olindi. Keksalik sabab ham jismoniy, ham ruhiy azoblarga dosh bera olmadi. Sud hukmigacha ham yetib kelolmasdan qamoqxonada ikki oy yotib, hayot bilan vidolashdi.
Mustaqillik yillaridan so‘ng Ibrat hayoti va ijodiga katta e’tibor qaratildi. 2005-yilda uning katta hajmda pedagogik hamda adabiy, ilmiy asarlari nashr etildi. 2017-yilda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida Ishoqxon Ibrat nomidagi barcha zamon talabiga mos keluvchi ijod maktabi ochildi.