TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Belarus 2023-yil oxiriga qadar Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) to‘laqonli a’zosi bo‘lishga umid qilmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Roman Golovchenko hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.
“4 iyul kuni ShHTga a’zo davlat maqomini olish maqsadida Belarus Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bugun u to‘qqizta mamlakatning (ShHTga a’zo – tahr.) to‘rttasi tomonidan ratifikatsiya qilingan va bu jarayon davom etmoqda. Yil oxiriga qadar barcha a’zo davlatlar ichki davlat tartib-tamoyillarini bajarishiga va biz bu birlashmaning to‘laqonli a’zosi bo‘lishimizga umid qilmoqdamiz”, - dedi Golovchenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ShHT Belarusning xalqaro kun tartibidagi eng ustuvar vazifalaridan biridir.
“Biz ShHT maydonida faol o‘yinchi bo‘lamiz va uning ishiga hissa qo‘shamiz”, - dedi mamlakat bosh vaziri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Belarusning ShHTdagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni tasdiqlagani xabar qilingan edi.
ShHT 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. 4-iyul kuni Eron tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘ldi va bu bilan a’zolar soni 9 taga yetdi. Bungacha ShHTga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston kirardi.
Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka.
ShHTning Samarqand sammiti doirasida Belarusga ShHT to‘laqonli a’zosi maqomini berish tartibini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mamlakat 2022-yil 15-iyul kuni ShHTga qo‘shilish to‘g‘risida ariza bergandi. Tashkilotning bu yil Nyu-Dehlida bo‘lgan o‘tgan sammitida mamlakat to‘liq a’zo maqomini olish borasida majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.