TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Navoiy viloyatining Qiziltepa va Xatirchi tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
Bekzod Bobomurodov Qiziltepa tumani hokimi etib tayinlandi.
Bobomurodov 1983-yilda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. Tojikistonning Xo‘jand davlat universiteti hamda Toshkent moliya institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi Navoiy viloyati hududiy birlashmasi raisi, Navoiy viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi direktori kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Bu tayinlovga qadar Navoiy viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Umidjon Adizov Xatirchi tumani hokimi etib tayinlandi.
U 1977-yilda Navbahor tumanida tumanida tug‘ilgan. Tayinlovga qadar Adizov Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.