Samarqandda Markaziy Osiyo energetiklari yig‘iladi — muhokama etiladigan masalalar

Markaziy Osiyo energetiklari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini muhokama etishadi.
Sputnik
TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Samarqand shahrida 25–26 oktabr kunlari Markaziy Osiyo energetiklarining navbatdagi kengashi bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Samarqandda Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi qirq ikkinchi yig‘ilishi hamda Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi elektr energetika kengashining qirqinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mezbonlik qiladi.
Xalqaro tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston elektr energetika tashkilotlari ishtirok etadi.
Rossiyadan tashrif buyuruvchi mutaxassislar esa kuzatuvchi maqomida qatnashishadi.
“Ishchi tartibda o‘tadigan yig‘ilishda Markaziy Osiyo mintaqasida 2023/2024 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari, bu borada amalga oshirilgan yumushlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularning yechimlari atroflicha tahlil qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagi masalalar muhokama etiladi:
kuz-qish mavsumida Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash uchun zarur amaliyotlar;
kaskadli o‘chishlarning oldini olish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr energetika tarmog‘iga ulash va ularni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish;
mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish istiqbollari.
Ma’lumot uchun, shu yilning 4–6 may kunlari Tojikistonda Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi hamda Markaziy Osiyo Muvofiqlashtiruvchi elektr energetika kengashi o‘lib o‘tgan edi. Tadbirda Kengashning mezbonlik navbati rasman O‘zbekistonga o‘tgani ma’lum qilingan.