TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 23-oktabr kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 so‘m bo‘lgani holda Namanganda qariyb 3 ming so‘mni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 so‘mni tashkil qiladi.
Majlisda aytilishiga ko‘ra, suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika bo‘yicha o‘rtacha 27 foiz. Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich yuqori. Suv ta’minot korxonalari yiliga 880 mln. kVt/soat energiya sarflaydi va bu sohada muqobil energiya ulushi sezilarli emas.
Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qo‘yar ekan, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya”ga o‘tkazish ekanini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Masalan, hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 so‘mdan sotib olayapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa o‘rtacha 350-400 so‘m, ya’ni 2 barobardan ziyod arzon. Investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda quyosh panellari o‘rnatish mumkin. Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligi aytildi.
Suv ta’minoti sohasida taqdim etilayotgan yangi loyihalarni o‘rganib chiqish, ular borasida aholi fikri bilan tanishish va mahalla kengashlarida muhokama qilib roziligini olish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek loyiha uchun ajratilgan mablag‘lar va pudratchi, qurilish va ishga tushish muddatlarini aniq va shaffof e’lon qilib borish zarurligi ta’kidlandi.
Suv xo‘jaligi sohasining barqaror ishlashi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga, pirovardida halqimiz farovonligini oshirishga qaratilgani qayd etildi.