TOShKENT, 23 okt — Sputnik. Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli G‘arb hamjamiyatining Ukrainaga qaratilgan diqqati susayib borayotgani Kiyevni achchiqlantirmoqda. Bu haqda “Financial Times” gazetasi jurnalisti Genri Foy ma’lum qildi, deya yozadi RIA Novosti.
“Brussel Ukrainani tinchlantirishga va uni unutib qo‘yishmaganini aytishga urinishmoqda. Biroq Kiyevda hozir butun dunyo Isroil va Falastin haqida gapiyotganini aytayotgan asabnok ovozlar yangramoqda”, - deya qayd etgan Foy.
Jurnalistning fikricha, yaqin vaqt ichida Yevropa Ittifoqining diqqati Yaqin Sharqqa qaratilishi aniq.
“Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro mintaviy tus olishi mumkin, Ukrainadagi urush esa boshi berk ko‘chaga kirib qoldi”, - deya xulosa qilgan u.
7 oktabr kuni Isroil G‘azo sektori tomonidan misli ko‘rilmagan raketa hujumiga uchradi. Shundan so‘ng HAMAS jangchilari yahudiy davlatining janubidagi chegaraoldi hududlarga bostirib kirdi. Bunga javoban Isroil G‘azo sektorida HAMASga qarshi operatsiya boshladi.
Hujumdan bir necha kun o‘tib Isroil harbiylari G‘azo bilan chegaradagi aholi punktlari nazoratini qaytarib oldi va G‘azo hududidagi obyektlarga, jumladan, fuqarolik obyektlariga havo zarbasini berishni boshladi. Bundan tashqari, Isroil G‘azo to‘liq qamal qilinganini ma’lum qildi: suv, oziq-ovqat, elektr energiyasi, dori-darmon va yoqilg‘i yetkazib berish to‘xtatib qo‘yildi.
G‘azodagi qurbonlar soni 4,6 ming kishidan oshgan, 14 mingdan ziyod kishi jarohat olgan. Isroilda 1,3 ming kishi halok bo‘lgan. Qolaversa, turli ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS 250 nafarga yaqin kishini garovda ushlab turibdi.