O‘zbekiston va YeOII

YeOII elektron mehnat birjasining afzalliklari nimada — vazirlik

YeOIIda ishlab chiqilayotgan elektron mehnat birjasi transchegaraviy bandlik sharotlarini yaxshilaydi.
Sputnik
TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarida ayni damda ishlab chiqilayotgan elektron mehnat birjasi YeOIIda transchegaraviy bandlik shartlarini yaxshilaydi, deb xabar berdi Qozog‘iston Mehnat va bandlik vazirligi RIA Novostiga.

"Yevroosiyo elektron mehnat birjasi Qozog‘iston tashabbusi bilan va milliy iqtisodiyotlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilmoqda. U YeOIIga a’zo davlatlarning mehnat resurslaridan foydalanishda mobillik va samaradorlikni oshirishga qaratilgan", - deyiladi xabarda.

Vazirlik, xususan, YeOII elektron mehnat birjasining quyidagi asosiy afzalliklarini sanab o‘tgan:
1.
YeOII fuqarolari uchun transchegaraviy ishga joylashish imkoniyatlari va sharoitlari yaxshilanadi.
2.
YeOII biznes hamjamiyatlari uchun qo‘shimcha, qonuniy va samarali yollash vositasi paydo bo‘ladi.
3.
YeOIIga a’zo davlatlar uchun o‘z iqtisodiyotiga qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilish, masofaviy bandlik shakllarini rivojlantirish, hamda kelajakda YeOIIda mehnat va bandlik sohasini raqamlashtirish uchun texnologik asos yaratiladi
Shuningdek, yangi xizmat Ittifoqqa a’zo davlatning ma’lum bir mintaqasida mehnat bozori va bandlik to‘g‘risida kerakli ma’lumotlar olish imkoniyatini ham yaratadi, deyiladi xabarda.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, YeOII davlatlarida 93 million mehnatga layoqatli fuqarolar yashaydi va ular uchun Ittifoqning istalgan davlatida teng huquqli mehnat sharoitlari yaratiladi.
Bunga YeOII doirasida bosichma-bosqich imzolanayotgan shartnomalar asos bo‘ladi. Xususan, 2023-yilda Ittifoqda ilmiy darajalar va diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
“Ko‘pgina mutaxassisliklar bo‘yicha (pedagogik, yuridik, tibbiy va farmatsevtikadan tashqari) ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar YeOIIga a’zo davlatlar hududlarida o‘zaro tan olinadi, bu esa mehnat migrantlarini hujjatlarni tan olishning uzoq va qimmat protseduralaridan o‘tishdan ozod qiladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, YeOIIda pensiyalarni o‘zaro tan olish haqidagi shartnoma 2021-yil 1-yanvardan kuchga kirgan edi. Bu YeOII davlatlari fuqarolariga ular ishlayotgan mamlakat fuqarolari bilan teng miqdorda pensiya olish huquqini beradi.