Abdulla Avloniy tarjimai holi
U 1878-yilning 12-iyulida Toshkentning Mergancha mahallasida kosib oilasida dunyoga keldi. Otasi Miravlon mayda hunarmandchilik, to‘quvchilik bilan shug‘ullangan, Yarmarka bozorda bo‘z va chit bilan savdo qilgan.
Abdulla yetti yoshdan O‘qchidagi eski maktabda ta’lim olgan. U tarjimai holida bu haqda shunday yozgan: “12 yoshimdan O‘qchi mahallasidagi madrasada dars o‘qir edim. 14 yoshimdan boshlab o‘sha zamonga muvofiq har xil she’rlar yoza boshladim. Bu zamonlarda “Tarjumon” gazetasini o‘qib, zamondan xabardor bo‘ldim”.
Pedagogik faoliyati
Avloniy madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shug‘ullandi. O‘qish va o‘qitish usuliga isloh kiritib, yangi uslubdagi maktab tashkil etdi va yangi o‘quv tizimiga asos soldi, yosh pedagog-o‘quvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va G‘arb tillarini o‘rgatish kabi muhim ta’lim tarbiyaviy ishlarni amalga oshirdi. U birinchi bo‘lib geografiya, kimyo, astronomiya, va fizika fanlarini Turkiston maktabida o‘qitish taklifini kiritadi, darslar orasida tanaffuslarni, o‘quvchilarni bir sinfdan ikkinchisiga o‘tishi orasida imtihon topshirish tizimini yo‘lga qo‘yadi. U maktab o‘quvchilari uchun “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” (1912), “Tarix”, “Turkiy Guliston yoki axloq” (1913) kabi zamonasi uchun hodisa bo‘lgan darsliklarni yozgan. Shu tufayli, Turkistondagi ta’lim tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi.
Ijodiy yo‘li
1895 yildan ijodiy faoliyatini boshlagan Avloniy “Qobil”, “Shuhrat”, “Hijron”, “Avloniy”, “Surayyo”, “Abulfayz”, “Indamas” taxalluslari bilan she’r, hikoya, felyeton va kichik hajmli dramatik asarlar yaratgan. Shoir o‘z asarlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tanqid qiladi va kishilarni bilimga, ma’rifatga chaqiradi.
Abdulla Avloniy 1917-yilgacha mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan noshir va jurnalist sifatida Toshkentda “Shuhrat”, “Osiyo”, kabi gazetalarni tashkil etadi. U “Advokatlik osonmi?”, “Ikki muhabbat”, “To‘y”, “Syezd”, “Layli va Majnun”, “O‘liklar”, “Qurultoy”, “Pinak”, “Biz va siz”, “Bo‘ron” kabi dramatik asarlarini yozib ularda jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojiali oqibatlarini, qo‘pol va yaramas urf-odatlarini fosh etadi. U 1913-yili “Turon” teatr truppasini tashkil etdi va shu teatr uchun original sahna asarlarini yaratish bilan birga qardosh dramaturglarning pyesalarini o‘zbek tiliga tarjima ham qildi.
Abdulla Avloniy she’rlari
Abdulla Avloniy shoir sifatida ko‘plab she’rlar bitgan. Uning she’rlari xoh eski urf odatlarga qarshi qaratilgan bo‘ladimi, xoh muhabbat yoki maktab-maorif haqida bo‘ladimi, hamma-hammasida inson, uning ahloqiy go‘zalligi va ma’naviy boyligi kuylanadi. Jumladan, “O‘z mamlakatimizda” she’rida maishat uchun pul boyliklarni mo‘l-ko‘l isrof etgan, ammo bola tarbiyasi uchun sariq chaqani ravo ko‘rmagan xasislarni “Ilm uchun pulni ko‘zlari qiymas”, deb qoralaydi. Yoki “Maktab” she’rida:
Maktab misni tilla qilur,
Maktab sizni mullo qilur,
deyish orqali shoir maktabni inson uchun zulm, nohaqlik, adolatsizlikdan xalos etuvchi najot yo‘li ekanligini aytadi. Ayniqsa, uning “Adabiyot”(1915) kitobi bu jihatdan alohida ajralib turadi.
Shuningdek, “Mardikorlar ashulasi”, “Vatan”, “Maktab”, “Bog‘cha”, “Yalqov shogird tilidan”, “Tog‘lardan bir manzara”, “Millatga bir xitob”, “Ishchilardan tortiq”, “Ko‘klam keldi”, “Tovush” kabi dostonlarida ilm-ma’rifatga bo‘lgan muhabbat, vatanparvarlikni kuylaydi.
Abdulla Avloniy 20-yillarda o‘zbek xalqi maorifi va madaniyati taraqqiyotida ishtirok etibgina qolmay, qo‘shni afg‘on xalqining ijtimoiy-siyosiy hayotida ham muayan rol o‘ynagan. U ma’lum muddat Afg‘oniston xalq maorifi vaziri, so‘ng Sho‘rolar Ittifoqining Afg‘onistondagi konsul elchisi vazifalarida xizmat qilgan. Avloniy umrining so‘nggi yillarida O‘rta Osiyo Kommunistik universitetida dars berish bilan birga o‘zbek adabiyotidan qator darsliklarni yaratgan.
Avloniyning ijtimoiy-siyosiy, axloqiy, estetik qarashlari bugungi kunda ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan.