O‘zbekiston suv muammosini hal etish uchun qanday choralar ko‘radi

O‘tgan yili iste’mol qilingan 39 milliard kub metr suvning 36 foizi tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolgan
Sputnik
TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida suv muammosi kun sayin dolzarb bo‘lib borayotgani ta’kidlandi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda suv xo‘jaligiga, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga katta miqdorda subsidiya ajratilgan. Lekin o‘tgan yili iste’mol qilingan 39 milliard kub metr suvning 36 foizi tuproq o‘zanli kanal va ariqlarda yo‘qolgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, yerlarning 70 foizi eski usulda sug‘orilgani bois, 5-6 milliard kub metr suv behuda sarflanib, kollektorlarga tashlanayotgani aytildi.
Bugungi kunda 2,5 million gektar maydonni sug‘orish uchun 5 mingdan ziyod nasos ishlatilib, yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr sarflanadi. Lekin, 80 foiz nasoslar 35-40 yildan beri ishlatilib, o‘z resursini o‘tab bo‘lgan.
Mirziyoyev suv xo‘jaligidagi bunday vaziyatdan chuqur tashvishdaligini qayd etib, soha mutasaddilariga qattiq e’tiroz bildirdi.
Kanallarni beton qilish orqali yo‘qotishlarni kamaytirish, nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, suv inshootlarida avtomatlashgan hisoblagich o‘rnatish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Markaziy Osiyoda suv tanqisligi yanada yomonlashadi — Mirziyoyev