TOShKENT, 20 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston oliygohlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 10 ta hujjat imzolandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Toshkentda o‘tkazilgan “InnoWeek-2023” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston oliy ta’lim, fan va innovatsiya sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda aloqalarni kengaytirish hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
“Ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 10 ta xalqaro shartnoma imzolandi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning quyidagi OTMlari Qozog‘iston OTMlari bilan hamkorlikni kengaytiradi:
Farg‘ona davlat universiteti;
Jizzax politexnika instituti;
Termiz davlat pedagogika instituti;
Nukus davlat pedagogika instituti;
Alfraganus universiteti;
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Eslatib o‘tamiz, kecha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Eron Islom Respublikasining fan va texnologiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Ruhulloh Dehqoni Feruzobodiy tomonidan ilm-fan va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Unga ko‘ra, endilikda o‘zbek startap kompaniyalari Eron bozoriga kirishi yo‘lga qo‘yiladi.