TOShKENT, 19 okt — Sputnik. Farg‘onada Belarusning “Mogilovliftmash” liftlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Belarusning “Alyutex” kompaniyasi vakillari Aleksandr Sorokin hamda Sergey Barishnikovni qabul qildi. Unda Farg‘onada Belarusning “Mogilovliftmash” liftlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
"Rejaga ko‘ra, Ekoshahar hududidagi kichik sanoat zonasida barpo etiladigan korxonada dastlabki bosqichda ushbu liftlarni yig‘ish hamda servis xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi, ikkinchi bosqichda esa butlovchi detallarni mahalliylashtirish ko‘zda tutilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi talabdan kelib chiqqan holda kengaytirib boriladi", — deyiladi xabarda.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibda ish tashkil etilishiga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, 1966-yilda tashkil etilgan Mogilov lift mashinasozligi zavodi bugungi kunda ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDH davlatlari hududida eng yirik korxona hisoblanadi. Zavodda ijtimoiy va sanoat obyektlari, ko‘p qavatli uylar uchun mo‘ljallangan jami 180 turdagi va quvvatdagi liftlar ishlab chiqariladi.