O‘zbekiston O‘mon orqali Afrika qit’asiga chiqishni rejalashtirmoqda — tafsilotlar

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov O‘mon Sultonligining Muvaqqat ishlar vakili Nosir Al-Mavaliy bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekiston O‘mon bilan Salala porti orqali Afrika qit’asiga chiqish bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishib oldi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov va O‘mon Sultonligining Muvaqqat ishlar vakili Nosir Al-Mavaliy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“O‘monning Salala Porti orqali Afrika qit’asiga chiqish, reyeksportni yo‘lga qo‘yish, shuningdek baliqchilik va asalchilik tarmog‘ida hamkorlikni yanada rivojlantirish va tajriba almashish bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini yaqinroq aloqalar o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi.