2024 yilda 10 mln xorijiy sayyoh kutmoqdamiz — Abduhakimov

Aziz Abduhakimov: 2024-yilda 10 million sayyohni qabul qilishni kutmoqdamiz.
Sputnik
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Bu yil O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 7 millionga yetishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh Assambleyasi 25-sessiyasining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqdi.
“Joriy yilda O‘zbekiston 7 million xorijiy sayyohni qabul qilishi kutilmoqda. 2024-yilda 10 million sayyohni qabul qilishni kutmoqdamiz”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Shuningdek, u koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qaramay, global turizm o‘zining samaradorligi va barqarorligini isbotlaganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu juda muhim, chunki ko‘plab mamlakatlar o‘z iqtisodiyotlarini tiklash uchun turizmga tayanadi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan YuNVTO Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasida 130 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda.