OKMK va Xitoy kompaniyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi

Kelishuvga ko‘ra, OKMK va “Amer International” kompaniyasi hamkorligida mis sanoati klasterini rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga amaliy tashrifi davomida kecha, 17-oktabr kuni, “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) va Xitoyning “Amer International” kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi. Bu haqda OKMK axborot xizmati xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, OKMK va “Amer International” kompaniyasi hamkorligida mis sanoati klasterini rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, “Amer International” kompaniyasi Xitoyning top-5 eng yirik xususiy kompaniyalari ro‘yxatiga kiradi. Ushbu kompaniya yiliga 250 ming tonnadan ziyod mis katankasi, kabellar, har xil turdagi rangli va qimmatbaho metallar, shuningdek, yarim o‘tkazgichlar va kompozit materiallar ishlab chiqaradi. Kompaniyaning yillik sof daromadi 2 mlrd dollarni tashkil etib, unda 20 mingdan ortiq xodimlar mehnat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev kecha, 17-oktabr kuni, Pekin shahriga amaliy tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qilgandi.