Mirziyoyev Xitoy elektr tarmoqlari kompaniyasi direktori bilan uchrashdi

Xitoy kompaniyasi bilan qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda o‘ziga ajratilgan qarorgohda Xitoyning “State Grid” kompaniyasi raisi Sin Baoanni qabul qildi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, jumladan, yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini qurish va infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish, energetika tarmog‘i uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, Xitoyning “State Grid” elektr tarmoqlari korporatsiyasi ushbu sohadagi global yetakchi bo‘lib, Fortune Global 500 reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Kompaniya elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish va ularni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish borasida, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda katta tajribaga ega. Aktivlari qiymati 800 milliard dollar atrofida.