TOShKENT, 18 okt — Sputnik. “Turkiyadan ket, Amerika qotil!” Shunday shiorlar bilan turklar AQShning Istanbuldagi konsulligi binosi yaqinida norozilik namoyishini uyushtirdi.
RIA Novostining yozishicha, namoyishga minglab Istanbul aholisi chiqqan. Amerika diplomatik missiyasi binosi oldidagi ko‘cha mashinalar harakati uchun yopilgan. Odamlar Turkiya va Falastin bayroqlarini ko‘tarib olishgan.
Namoyishchilar Isroil va AQShni la’natlagan. G‘azoda gumanitar yo‘lak ochishlarini va hatto falastinliklarga yordam uchun Turkiya qo‘shinlarini kiritishni talab qilishgan.
Politsiya konsulxona binosiga yaqinlashib kelotgan olomonga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga majbur bo‘lgan.
Norozilik namoyishlari Turkiyaning boshqa shaharlari va Yaqin Sharqdagi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lib o‘tmoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kasalxonaga uyushtirilgan hujum oqibatida 471 kishi halok bo‘lgan, 300 nafardan ziyod kishi jabrlangan. Ularning aksariyati ayollar va bolalar.
Hodisa joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Shu bois qurbonlar soni ziyod bo‘lishi mumkin.
G‘azo sektoridagi “Al-Ahli” kasalxonasiga 17-oktabr kuni hujum uyushtirildi. Falastin Isroil samolyotlari zarba berganini ma’lum qildi, Isroil esa kasalxonaga “Islom jihodi” guruhi raketasi kelib tushganini ma’lum qildi.
Qator mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston Falastindagi shifoxonaga hujum uyushtirilganini qoraladi.
“Bu dahshatli zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaymiz va buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, - deya bayonot berdi mamlakat TIV.