TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Toshkentda joylashgan savdo shoxobchalarida sotilayotgan yaroqsiz qandolat mahsulotlari rastalardan olib tashladi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, qo‘mitaga iste’molchi tomonidan yaroqsiz chiqqan mahsulot haqida murojaat kelib tushgan. Unga ko‘ra, “East Star Sweet” MChJga tegishli bo‘lgan “Medovaya” pishirig‘ining tarkibi buzilgan.
“Iste’molchi yaroqsiz chiqqan mahsulotni ko‘tarib do‘konga chiqdi, sotuvchiga bunday mahsulotlar inson hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazishi mumkinligi haqida aytdi. Ammo uni murojaatiga sotuvchi pinagini ham buzmadi. Shundan so‘ng iste’molchi qo‘mitaga 1159 ishonch telefoni orqali shikoyatini qoldirdi”, — deyiladi xabarda.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan murojaat o‘rganib chiqildi. Haqiqatan ham unda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Mazkur savdo do‘konida shu turdagi ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan mahsulotlar sotuvda ekanligi aniqlandi.
"O‘rganish natijalariga ko‘ra, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan MChJ xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan kamchiliklar ixtiyoriy, belgilangan muddatda bartaraf etildi. Dastlab yaroqlilik muddati o‘tgan barcha qandolat mahsulotlari savdo rastalaridan olindi. So‘ng iste’molchiga tarkibi buzilgan mahsuloti sifatli qandolat mahsulotiga almashtirib berildi", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Qonunchilikka ko‘ra, sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.