TOShKENT, 15 okt — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar bermoqda.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Yaponiya hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, turizm, ta’lim, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Gubernator Makoto Yamashita Nara va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi aloqalar qadimiy Ipak yo‘li davridan buyon mavjudligini qayd etdi. Uning aytishicha, hozirgi kunda ham Nara shahrida joylashgan qadimiy "Todayji" va "Xoruji" buddizm ibodatxonalarida so‘g‘diylar madaniyatini aks ettirgan tarixiy buyumlar saqlanmoqda.
"Nara va Samarqand hududlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yuqori baholayman. Jumladan, shu yil 1-2 iyul kunlari Nara prefekturasida o‘tkazilgan "Samarqand kunlari" festivali prefektura aholisida juda katta taassurot qoldirdi", - dedi gubernator Makoto Yamashita.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, o‘z navbatida, hududning investitsiyaviy, sayyohlik va savdo sohasidagi salohiyati, viloyatda xorijiy investorlar va turistlarga yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi, hamda hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish takliflarini ilgari surdi.
Shuningdek, Samarqandda Nara prefekturasi bilan hamkorlikda qo‘shma tadbirlar tashkil qilish, turizm yo‘nalishi va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tomonlar uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov o‘z chiqishida 2021-yil 24-dekabr kuni Samarqand viloyati hokimligi va Nara prefekturasi o‘rtasida imzolangan do‘stona munosabatlar to‘g‘risidagi shartnoma asosida hududlararo hamkorlik aloqalari har tomonlama rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar Nara prefekturasi rahbariyati va vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, Samarqand shahrida "Nara kunlari" festivalini uyushtirish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va sayyohlar uchun Nara prefekturasidan charter reyslarni amalga oshirish masalalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.