Mahmudxo‘ja Behbudiy — biografiya

Mahmudxo‘ja Behbudiy - buyuk ma’rifatparvar, yozuvchi, publitsist, dramaturg va jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri.
Sputnik
Tarjimai holi
U 1875-yilning 19-yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida muftiy oilasida dunyoga keldi. Otasi Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, amir Shohmurod zamonida (1780-1785 yillar) Samarqandga kelib qolgan.
Oiladagi muhit undagi ma’rifat va adabiyotga bo‘lgan qiziqishning tezroq ro‘yobga chiqishiga imkon tug‘dirdi. Behbudiyning otasi islom xuquqshunosligi bo‘yicha yirik mutaxassis bo‘lib, bu borada ko‘plab kitob va risolalar yaratgan edi. Bu o‘z navbatida Mahmudxo‘jaga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. U keyinchalik bu haqda so‘zlab, hatto maqolalaridan birida otasi yozgan “Hidoya” ("Islom huquqiga sharhlar") asarining o‘z taqdirida katta rol o‘ynaganini alohida qayd etgan.
Faoliyati
Mahmudxo‘ja Behbudiy adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullandi. Gazeta va jurnallar orqali jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishib bordi. U Makkaga borish maqsadida arab tilini o‘rganib islom tarixi va nazariyasini bilan shug‘ullandi. U 1899-yilda hajga bordi va muftiy unvoniga ega bo‘lib qaytdi. Haj bahonasida Misr va Istanbul shaharlarida bo‘ldi. Bu yerda davom etayotgan islohotlar so‘zsiz uning dunyoqarashida burilish yasadi. So‘ngra Qozon va Ufa shaharlarida bo‘lib, Yevropa madaniyati bilan ham qiziqdi. O‘sha davrda Qozon va Orenburgda chiqadigan arab imlosidagi jurnal va gazetalar bilan hamkorlik qildi. Uning qator maqolalari ham mazkur nashrlarda chiqa boshladi. Maktab, maorif va madaniyat masalalari hamda ma’rifatparvarlik g‘oyalarining targ‘iboti ushbu maqolalarning markazida turdi.
Xususan, qrim tatar allomasi Ismoil Gaspirali (Gasperinskiy) va u bosh muharrir bo‘lgan “Tarjumon” gazetasi M.Behbudiyni buyuk ma’rifatchi va o‘zbek milliy jadidchilik yo‘nalishining otasi darajasiga ko‘tardi.
Behbudiy dunyoqarashida Rossiyadagi eng nufuzli bo‘lgan kadetlar partiyasi a’zolari bilan uchrashuv va ular harakatnomalarining ta’siri ham katta bo‘lgan.
U 1914-yilda yana Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalarini olib keladi, yangi usuldagi maktab dasturi ustida ishlashga kirishadi. Biroq, u turli to‘siqlarga uchrab “jadidlar rahnamosi”, “dahriy” deb e’lon qilinadi. Shunga qaramay u tatar mutaffakiri Ismoil Gaspiralining ma’rifatchilik borasidagi ta’limotini qo‘llab quvvatlab, o‘z o‘lkasiga ham shunday ishlarni amalga oshirishga kirishadi va ko‘p o‘tmay ma’rifatparvar sifatida o‘z xalqi hurmatiga sazovor bo‘ladi. U bir qator Sharq va G‘arb tillari bilan yuksak madaniyat sohibi bo‘lishi bilan birga, umuminsoniy madaniyatning tolmas targ‘ibotchisi ham bo‘lgan.
Albatta, Behbudiyning xalq o‘rtasida ortib borayotgan obro‘-e’tibori nafaqat amirlik rahbarlari, balki bolsheviklarining ham reja va niyatlariga zid edi. 1919-yilning 25-martida Behbudiy ular chaquvi bilan Shahrisabzda qo‘lga olinib, sirli bir tusda Qarshida Said Olimxon farmoni bilan qatl qilindi. Uning qatli haqidagi xabar o‘sha paytdagi poytaxt Samarqandga rosa bir yildan keyin xabar qilinadi. 1920-yilning aprelida butun Turkiston motam tutdi.
Sadriddin Ayniy allomaning fojiali vafoti munosabati bilan bunday yozgan: “Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20-yil mobaynida o‘zining ongi va insoniy qadru qimmati bilan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi”.
Behbudiy – publitsist
U 1912-1913 yillarda Behbudiy Samarqandda “Samarqand” gazetasi, “Oyna” jurnaliga asos soladi. Shuningdek, Behbudiy o‘zbek va fors tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Jumladan, “Risolai asbobi savod”(“Savod chiqarish kitobi”, 1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy”(“Aholi geografiyasiga kirish”, 1905), “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”, 1903), “Kitob-ul-atfol” (“Bolalar xati”, 1904), “Muxtarasi tarixi islom”-“Qisqacha islom tarixi”(1904). “Amaliyoti islom” (1905), “Rusiyaning qisqacha geografiyasi” (1908) kabi darslik va kitoblar yozgan. Uning 1901-yildan boshlab “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurriyat”, “Turon”, “Sadoi Turkiston”, “Najot”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Tirik so‘z”, “Vaqt”, “Samarqand”, “Oyna” kabi gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalari esa taraqqiyparvar kishilar va ayniqsa, yoshlarning diqqat-e’tiborini qozongan.
Behbudiy - yozuvchi
Behbudiy adib sifatida “Padarkush” dramasini yaratgan. 1913-yilda Samarqand shahrida nashr etilgan bu dramada u yoshlarning (ular xoh kambag‘al, xoh badavlat oilaga mansub bo‘lsin) ilmli, madaniyatli bo‘lishlari lozimligini qayd etgan.
M.Behbudiyning “Padarkush” dramasi 1911-yilda yozilgan bo‘lib, dastlab 1912-yilda “Turon” gazetasida bosilgan. 1911-yilga kelib kitob holida chop etilgan. Shundan so‘ng tez fursatda Samarqand, Buxoro va Toshkent teatri sahnalarida ijro etilgan. Drama kompozitsion qurilishiga ko‘ra oddiy bo‘lgan holda mazmun-g‘oya jihatdan ancha qamrovlidir. Xususan, undagi xarakter va shakl-shamoil mazkur janr talablariga ancha mos edi. Dramadagi qahramonlar esa ikki qutbda ikki xil harakat bilan yashaydilar. Bir tomonda boy, o‘g‘li va uning gumashtalari bo‘lsa, ikkinchi tomonda domla, ziyoli obrazlar asar g‘oyasini ochishda muhim o‘rin egallaydi.
O‘zbek dramaturgiyasiga, umuman, teatriga poydevor qo‘ygan bu asar o‘z davrida Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasi , Mirmuhsin Fikriyning “Befarzand Ochildiboy”, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Yangi saodat” kabi qissalarining yaratilishiga turtki bergan.
Ulug‘ mutafakkirning xalqimiz oldidagi xizmatlari e’tiborsiz qolmagan, albatta. Qarshi shahri 1926-1937 yillarda Behbudiy nomi bilan atalgan. 1977-yili allomaning “Saylanma” asarlari chop etildi. Asarlari darslik va qo‘llanmalarga kiritilib, Toshkent va Samarqand shahridagi maktab, ko‘cha va mahallalar uning nomiga qo‘yildi. Buyuk ma’rifatparvar sharafiga 2006-yil Samarqand shahrida yodgorlik o‘rnatilgan. Hattoki, Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahridagi gimnaziya Behbudiy nomi bilan ataladi. 2020-yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni arafasida Behbudiy hayotiga bag‘ishlangan film premyerasi bo‘lib o‘tdi. Xozirgi kunda alloma qoldirgan boy va rang-barang adabiy, madaniy va ma’rifiy meros o‘z xalqining istiqloliga xizmat etmoqda.