Samarqandda eng yaxshi turizm qishloqlari aniqlanadi — tafsilotlar

Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida “Eng yaxshi turizm qishloqlari” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Samarqandda eng yaxshi turizm qishloqlari aniqlanadi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida “Eng yaxshi turizm qishloqlari” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
“Eng yaxshi turizm qishloqlari” nominatsiyasi UNWTO tomonidan 2021-yilda nafaqat rivojlangan hududlarga, balki o‘z qadriyatlarini saqlagan va an’analarini targ‘ib qilayotgan qishloqlarga sayyohlar e’tiborini jalb qilish maqsadida ta’sis etilgan, – deydi Turizm qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Mansur Melikov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu galgi nomzodlar ro‘yxatida O‘zbekistonning 5 ta manzili — Samarqand viloyatidagi "Konigil", Navoiy viloyatidagi "Sentob", Surxondaryo viloyatidagi "Sangardak", Jizzax viloyatidagi "Uxum" va Farg‘ona viloyatidagi "Avval" turizm qishloqlari ham bor".
“Eng yaxshi turizm qishloqlari" taqdirlash marosimi bu yil uchinchi bor o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, UNWTO tomonidan har yili iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror rivojlanayotgan, shuningdek, mahalliy qadriyatlar va an’analarni saqlab qolib, targ‘ib qilib kelayotgan eng yaxshi qishloq turizm qishlog‘ini aniqlaydi.