TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahriga keldi.
Aeroportda oliy martabali mehmonni Qirg‘iz respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi Aqilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Sammit tadbirlari davomida MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashishadi.
Prezidentlar kecha, payshanba kuni Bishkekka kela boshlagan: Vladimir Putin, Ilhom Aliyev, Aleksandr Lukashenko va Serdar Berdimuhamedov, Emomali Rahmon.
MDH sammiti bugun, 13-oktabr kuni, bo‘lib o‘tadi.