O‘zbekiston Misr bilan hamkorlikda aholini korrupsiyaga qarshi o‘qitadi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Misr Arab Respublikasi Ma’muriy nazorat idorasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 13 okt — Sputnik. O‘zbekiston Misr bilan hamkorlikda aholini korrupsiyaga qarshi o‘qitadi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasi Ma’muriy nazorat idorasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda ikki davlatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi, tashkilotlar miqyosida doimiy tajriba almashish mexanizmlarini ko‘rib chiqish hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida idoralararo memorandum imzolandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Misr Arab Respublikasi Ma’muriy nazorat idorasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
“Mazkur memorandum kasbiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish, tajriba almashish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumot va professional materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma forumlar, seminar va treninglar o‘tkazish kabi bir qator muhim yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida aholini korrupsiyaga qarshi o‘qitish, ularning ommaviy axborot vositalari va halollikni targ‘ib qiluvchi kampaniyalar orqali xabardorligini oshirish bo‘yicha ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy nazorat idorasi (ACA) – bu davlat organlari ustidan ma’muriy, moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi Misrning mustaqil nazorat organi. Tashkilot 1964-yilda tashkil etilgan.
Fuqarolar huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasida ishtirok etishi mumkin