Farg‘onada Xitoyning arxeologik tadqiqot markazi ochiladi

Farg‘ona davlat universiteti hamda Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti arxeologiya sohasida hamkorlik o‘rnatishi rejalashtirmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 okt — Sputnik. Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona – Loyan arxeologik tadqiqot markazi”ni ochish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti rahbari, professor Li Yong Kian boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona davlat universiteti hamda Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti o‘rtasida arxeologiya sohasida hamkorlik o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.
Hamkorlikda quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:
Universiteti bilan hamkorlik doirasida “Farg‘ona – Loyan arxeologik tadqiqot markazi”ni ochish;
Tashkil etilayotgan ilmiy markazning bosh tadqiqot obyekti hisoblangan “Quva shahristoni” yodgorligida hamkorlikda qazilma ishlari olib borish;
Arxeologiya yo‘nalishi talabalari hamda professor-o‘qituvchilarini Loyan institutida amaliyot o‘tashlari hamda malaka oshirishlarini yo‘lga qo‘yish.

“Viloyat rahbari Farg‘ona davlat universiteti hamda Loyan arxeologik tadqiqotlar institutining hamkorlik rejalarini qo‘llab-quvvatladi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti Xitoyning eng yirik ilmiy tadqiqot muassasasi bo‘lib, 2012-yilda tashkil etilgan. Hozirda institut tarkibida 8 ta ilmiy tadqiqot markazi, 500 nafarga yaqin ilmiy xodim faoliyat yuritadi. U arxeologik yodgorliklarni tadqiq etish va muzeylashtirish bo‘yicha Xitoydagi bosh ilmiy markaz hisoblanadi.