Temir yo‘l vokzallariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirish mumkin

Fuqarolar hujjatsiz vokzal hududiga kirishlari mumkin. Biroq yo‘lovchilar platformasiga chiptalari mavjud bo‘lganlar hamda kutib oluvchilar pasport bilan kiritiladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 17-apreldagi 159-son qaroriga muvofiq fuqarolarning temir yo‘l vokzallariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirishiga ruxsat beriladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
“Temir yo‘l vokzallariga tashrif buyuruvchilar endi soddalashtirilgan holda, ya’ni shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz vokzal hududiga kirishlari mumkin”, - deyilgan xabarda.
Yo‘lovchilar platformasi - perronga yo‘lovchi poyezd chiptalariga ega bo‘lgan yo‘lovchilar hamda harakatlanishi cheklangan bemor yoki keksa yoshdagi yo‘lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchi fuqarolar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan o‘tishlari mumkin.
Chiptalari yo‘q hamda unda ko‘rsatilgan ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi ma’lumotlariga mos kelmaydiganlarning perronga o‘tishiga va yo‘lovchi tashish vagonlariga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 20-oktabrdan mahalliy yo‘nalishdagi poyezd chiptalari narxi 50 foizga, “Afrosiyob”niki esa 100 foizga oshiriladi.