TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekistonda grippga qarshi emlash boshlanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning qayd etishicha, grippga qarshi emlash tadbirlari kasallik mavsumi ko‘tarilishidan, noyabr-dekabr oylaridan bir oy oldin boshlanadi.
Vaksinalar xavf osti guruhi, ya’ni jamoatchilik bilan ishlaydigan aholi qatlami: o‘qituvchilar, tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari, mehribonlik va saxovat uylari xodimlari va u yerlarda istiqomat qiluvchi shaxslarga qilinadi.
Oddiy aholi xususiy emlash punktlariga borib emlanishi mumkin.
Vaksinalar Rossiya, Fransiya, Germaniya davlatlarida ishlab chiqarilgan va tegishli laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Vaksinani olish ixtiyoriy.
Qo‘shimcha qilinishicha, vaksina olganda og‘riq, tana haroratini ko‘tarilishi, holsizlik kuzatilishi mumkin. Bundan zinhor cho‘chish kerak emas, begona oqsil organizmga kirganda organizm unga munosabat bildirishi bu tabiiy hol.