TOShKENT, 12 okt — Sputnik. "Uzbekistan Airways" AJ bort kuzatuvchisi kasbi bo‘yicha o‘qish uchun tanlov e’lon qildi. Nomzodlar qator talablarga javob berishi kerak.
Bort kuzatuvchisi bo‘lishni ko‘pchilik istashi tabiiy. Sababi, ularda dunyo bo‘ylab sayohat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ammo "Uzbekistan Airways" AJ bort kuzatuvchilariga bir qator imkoniyatlardan tashqari, o‘ziga yarasha talablarni ham qo‘ygan.
© Uzbekistan Airways
Bort kuzatuvchisi bo‘lish uchun qayerga murojaat qilish kerak? Bort kuzatuvchisiga qo‘yilgan talablar qanday? "Uzbekistan Airways" AJ Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi xodimi Ozoda Azimova Sputnik muxbiriga bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
Demak, "Uzbekistan Airways" o‘quv kurslariga hujjatlar elektron pochta orqali qabul qilinadi.
O‘qishni xohlovchilar birinchi navbatda maxsus so‘rovnomalarni to‘ldirib, talab etiladigan hujjatlarni skaner nusxalarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Kerakli hujjatlar:
1.
O‘zbekiston fuqarosining pasporti;2.
4x6 rasm;3.
ish yoki o‘qish joyidan ma’lumotnoma;4.
nomzodlar to‘liq o‘rta, o‘rta-maxsus, kasb-hunar (akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji) ma’lumotiga ega bo‘lishi, xorijda ta’lim olganlarning diplomlari esa O‘zbekiston Davlat test markazida nostrifikatsiya qilingan bo‘lishi lozim.5.
harbiy guvohnoma (agar mavjud bo‘lsa);6.
yashash joyidan guvohnoma;7.
so‘rovnoma (yuklab olish).“Hujjatlari qabul qilingan nomzodlar telefon orqali suhbatga chaqiriladi. Suhbatdan o‘tgan nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi”, — dedi Ozoda Azimova.
© Uzbekistan Airways
Nomzodga qo‘yiladigan talablar:
nomzod O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lishi;
oliy, o‘rta maxsus yoki o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi;
18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lishi (27 yoshdan oshganlar hisobga olinmaydi);
162-175 sm (qizlar), 165-185 santimetr (yigitlar);
nomzod bo‘yiga mos vaznga ega bo‘lishi kerak;
yuzi va tanasida ko‘zga tashlanadigan nuqsonlari bo‘lmasligi;
tabiiy va yoqimli ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak (lab uchun fillerlar bo‘lmasligi kerak);
tishlar to‘g‘ri, tekis, toza va tabiiy bo‘lishi kerak (old qatorda yasama sariq va oq tishlar bo‘lmasligi);
qad-qomat to‘g‘ri va nafis bo‘lishi, yurishda nuqsonlar bo‘lmasligi kerak;
chiroyli soch turmagi va shakli bo‘lishi kerak (uzun sochlar kiyimning yoqasiga tegmaydigan tarzda tuzilishi kerak);
tirnoqlar chiroyli manikur qilingan bo‘lishi kerak.
O‘quv jarayoni davomida mashg‘ulotlar maxsus funksiyali trenajorlarda haftasiga 7 kun, sutkasiga 24 soat o‘tkaziladi. Darslarda ingliz va o‘zbek tili kabi nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tiladi.
"Tanlovdan o‘tgan o‘quvchilar guruhlarga bo‘linib, 1-1,5 oy mobaynida mashg‘ulotlar o‘taydi. Sohaga qiziqqan istalgan kishi o‘z ustida ko‘proq ishlab, darslarni yaxshi o‘zlashtirsagina, bort kuzatuvchisi bo‘la oladi", — deya qo‘shimcha qildi Azimova.
O‘quvchilar favqulodda vaziyatlarda yo‘lovchilarni qutqarishni, avariya holatlarida samolyotda yong‘in chiqsa, uni qanday to‘g‘ri bartaraf etishni o‘rganishadi.
Har qanday sababga ko‘ra, o‘quv dasturini o‘zlashtira olmagan, dars qoldirayotgan, tartib-intizomni buzgan, qo‘pol muomalada bo‘lgan, mas’uliyatsiz nomzodlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
"Mashg‘ulotni tugatgan o‘quvchilarning hammasi ham ishga qabul qilindi degani emas. Ishga kira olmaganlar qayta ariza topshirishlari mumkin", — deya qo‘shimcha qildi Azimova.
Bort kuzatuvchisi o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi shart. Shuningdek, suzishni bilishi ham talab etiladi.
Bort kuzatuvchilariga ish vaqtida bepul ovqat va mehmonxona bilan ta’minlanadi, shuningdek, sport bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus imtiyozlar taqdim etiladi. O‘z bilimlarini mustahkamlashlari uchun til o‘rganish kurslari ham kompaniya hisobidan to‘lab beriladi.
"Bort kuzatuvchi 1-yil davomida ishlagan bo‘lsa, unga o‘zi istagan davlatga sayyohat qilishi uchun 2 ta chipta bepul taqdim etiladi"— dedi Azimova.
Bort kuzatuvchilari uchun yana bir muhim talab mavjud, bu ham bo‘lsa qaddi-qomatini va sog‘lig‘ini doimiy nazorat qilib borish.