TOShKENT, 11 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11-oktabr kuni Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi asoschisi va raisi Shri Prakash Loxiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining kimyo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik investor va muhim texnologik hamkor bo‘lgan ushbu kompaniya bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
© Press-slujba Prezidenta Respubliki Uzbekistan
“Indorama Corporation” tomonidan O‘zbekistonda paxta tolasini yetishtirish va chuqur qayta ishlashga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Qo‘qon superfosfat zavodi modernizatsiya qilinmoqda.
Davlat rahbari sigapurlik investorning O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan “Farg‘onaazot” quvvatlarini kengaytirish, tarmoq korxonalarini xususiylashtirish, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
© Press-slujba Prezidenta Respubliki Uzbekistan
Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida kompaniyaning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari umumiy hajmi hozirgi 600 million dollardan 850 million dollargacha oshadi.
Investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor loyihalarini ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish muhimligi qayd etildi.