TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Ekologik muammolarning yechimini topishda O‘zbekiston muhim rol o‘ynaydi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibraxim Tiav ma’lum qildi.
O‘zbekistonga BMTning Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibraxim Tiav tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirokida Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasini (CRIC-21) O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha bitim imzolandi.
Cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyasining bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasini (CRIC-21) O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha bitim imzolandi.
© Ministerstvo ekologii
Xalqaro darajadagi tadbir 13–17 oktabr kunlari o‘tkaziladi.
Tadbir davomida quyidagi masalalar ko‘rib chiqiladi:
Yerni barqaror boshqarish;
Qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish;
Barqaror qishloq xo‘jaligida ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash;
Yerning degradatsiyasi;
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishga doir strategik maqsadlarni amalga oshirish.
Shuningdek, donorlar va xalqaro tashkilotlar vakillari cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang bo‘ronlari, yerlardan barqaror foydalanish, yerlarni tiklash masalalari muhokama etiladi.
“Mamlakatda investitsiyalarning yarmidan ko‘pi cho‘llanishga duchor bo‘lgan hududlarga yo‘naltirilgan. Xususan, Orol dengizining qurigan tubida chang va tuz bo‘ronlarining oldini olish maqsadida 2 million gektardan ortiq maydonga ommaviy o‘rmonzorlar ekildi, — dedi dedi Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti – “Green University” tashkil qilindi.
“Biz har yili 100 million gektar yerlarni yaylov, oziq-ovqat ishlab chiqarish, chorva ozuqasi va tabiatdan oladigan boshqa ehtiyojlar uchun yo‘qotamiz. Tabiat endi bu muvozanatni saqlay olmaydi. Ushbu konferensiya sog‘lom iqtisodiyot, sog‘lom odamlar va ayni paytda sog‘lom ekotizimlar o‘rtasida muvozanatni saqlash uchun kelgusi 20-30 yil davomida nimalar qilish kerakligini aniqlab olishga imkoniyat beradi. Ekologik muammolarning yechimini topishda, O‘zbekiston muhim rol o‘ynaydi", — dedi Ibraxim Tiav.
Aytilishicha, tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatning xalqaro miqyosdagi obro‘sini mustahkamlaydi, salohiyatli donor tashkilotlarning faollashuviga va sohaga yangi loyihalar kirib kelishining jadallashuviga xizmat qiladi.