TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Bugun Afg‘oniston g‘arbida yana kuchli zilzila qayd etildi. Bu haqda RIA Novosti Yevropa-O‘rtayer dengizi seysmologik markaziga tayanib xabar berdi.
Bugun tongda Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot viloyatida 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Seysmologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila Hirotdan 36 kilometr shimoli-g‘arbda UTC vaqti bilan 00:41da (Toshkent vaqti bilan soat 05:42) sodir bo‘lgan.
Shundan so‘ng Hirot viloyatida 5,0 magnitudali navbatdagi zilzila qayd etildi. Ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila Hirotdan 28 kilometr shimoli-g‘arbda UTC vaqti bilan 00:52 da sodir bo‘lgan.
Qurbonlar va vayronalar haqida hozircha ma’lumot olinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Hirot viloyatida avvalgi zilzila 7-oktabr kuni sodir bo‘lgan edi. Tabiiy ofatlarni boshqarish vazirligining viloyat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2,4 mingdan ortiq odam qurbon bo‘lgan.
Kecha O‘zbekiston zilziladan jabr chekkan qo‘shni Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yubordi. Insonparvarlik yordami O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazildi.