TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Bugun, 10-oktabr kuni Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Osiyo taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Yashil iqlim fondining “Elektromobillik dasturi”ni moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Yetti mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur dasturni moliyalashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan mablag‘ 170 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Ushbu dastur tijorat elektromobillarini ommalashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Dastur elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash hamda uning barqarorligini ta’minlash, shuningdek, elektromobillarni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutuvchi 4 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.