Temir yo‘llarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalari tasdiqlandi

Zaruriy hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslarning pochta vagonida yurishi taqiqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. O‘zbekistonda temir yo‘llarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalari tasdiqlandi.
Pochtani temir yo‘llarda tashish va pochta vagonlaridan foydalanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida hamda O‘zbekiston "Transport to‘g‘risida" va "Pochta aloqasi to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq Transport vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining tegishli qarori Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur qoidalar mamlakat hududida pochtani temir yo‘llarda tashish hamda pochta vagonlaridan foydalanish, shuningdek, ularga texnik xizmat ko‘rsatishning yagona tartibini belgilaydi.
Temir yo‘llarda pochta tashish, pochta vagonlaridan foydalanish milliy operator bilan tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Pochta milliy operatorning pochta vagonlarida, shuningdek tashuvchining yo‘lovchi, tezurar va pochta-bagaj poyezdlariga qo‘shiladigan vagonlarida tashiladi.
Yo‘lda pochtani kuzatib borish, qo‘riqlash, unga ishlov berish va pochta almashinuvi uchun pochta vagonlarida va yo‘lovchi vagonlarining maxsus moslashtirilgan joylarida sayyor brigada xodimlarining yurishiga milliy operator tomonidan berilgan guvohnomalar bo‘yicha ruxsat etiladi.
Sayyor brigada xodimlarining tarkibiga quyidagilar kiradi:
pochta vagoni boshlig‘i;
pochta vagoni boshlig‘ining yordamchilari;
kuzatuvchi-elektromontor;
saralovchilar.
Zaruriy hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslarning pochta vagonida yurishi taqiqlanadi. Poyezdni tuzish sxemasida nazarda tutilgan pochta vagonini tarkibga qo‘shmaslik yoki yo‘lda ajratish taqiqlanadi.