TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi boshlandi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 9-20 oktabr kunlari Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi Rossiyada tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Komissiya raisi Qahramon Quranboyev boshchiligidagi komissiya a’zolari Novosibirsk shahridagi migrantlar yotoqxonalarida bo‘lib, u yerda o‘rganish ishlarini olib borgan.
O‘rganishlar jarayonida yotoqxonada istiqomat qiladigan 62 nafar O‘zbekiston fuqarolari bilan ochiq muloqot tashkil etilgan. Masalalar shu yerning o‘zida hal etilib, qolganlari ishlab chiqiladigan yo‘l xaritaga qo‘shishga kelishib olindi.
Atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.