TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi Ramazon mahallasidagi xonadonlarga ichimlik suvi qon aralash kelayotgani aytilgan video tarqaldi.
Shahar hokimligi mazkur holat mas’ullar e’tiboriga olinganini, muammo bartaraf etilayotganini bildirdi.
Shahar “Suv ta’minoti” korxonasi mas’ullarining holat yuzasidan dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, bu kushxonadagi oqova suv va ichimlik suv quvurining teshilib, o‘zaro qo‘shilib ketishi sababli kuzatilgan.
Holat zudlik bilan nazoratga olingan. Hozir ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda.
"O‘zsuvta’minot" AJ xabariga ko‘ra, bu mahallada aholining o‘z mablag‘lari hisobidan 15 ta xonadonga ichimlik suvi quvuri tortilgan.
Suv ta’minoti korxonasiga kelib tushgan murojaat o‘rganilgan. Diametri 57 mm li ichimlik suvi tarmog‘i o‘chirilganda quvurdagi nosozlik sabab unga ariq suvi sizib qo‘shilishi aniqlangan.
Hozirda ichimlik suvi to‘xtatilgan. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xodimlari bilan birgalikda quvurlarni almashtirish hamda quvurlarni yuvish ishlari amalga oshirilmoqda.