Kolbasa, dengi, tamojnya: rus tilidagi turkiy so‘zlarni bilasizmi

Bu galgi maqolamizda qadim davrlardayoq rus tiliga o‘zlashib, bu til leksikasini boyitgan turkiy so‘zlar haqida.
Sputnik
Qadim-qadim zamonlardan insonlar urug‘-qabila, el-elat bo‘lib yashab kelgan. Bugun yagona xalq, millat o‘laroq yashayotgan xalqning boshqa shunday xalq, millat bilan aloqalari oddiy kundalik turmushdagi aloqalardan boshlangan. Bunday munosabatlar natijasida xalqlar bir-biridan ma’lum bir narsalarni o‘rgangan, biri ikkinchisiga o‘rgatgan. Kundalik hayotdagi maishiy aloqalar keyinchalik jamiyat hayotining boshqa sohalarini ham qamrab ola boshlagan. Shu tarzda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-madaniy va yana ko‘pdan-ko‘p sohalarda yaqinlashgan, hamkorlik o‘rnatgan.
Millatlararo munosabatlar bugungi globallashgan dunyoda chegara bilmas, vaqt tanlamaydigan darajaga yetdi. Ammo hamma zamonlarda: ibtidoiy urug‘-qabilachilik paytida ham, hozirgi sun’iy intellekt davrida bir xalqning boshqa xalq bilan aloqasi, hamkorligi so‘z bilan, til bilan amalga oshgan. Bir xalq boshqa xalqdan nimanidir o‘rganar, nimanidir olar ekan, albatta, o‘rganilayotgan, olinayotgan narsa so‘z bilan o‘zlashgan. Bir tildan boshqa tilga so‘zlar shu tariqa kirib borgan.
Turkiy ellar qadimdan slavanlar bilan yon qo‘shnichilikda yashab kelgan. Mazkur xalqlarning kundalik turmushdagi maishiy oldi-berdilaridan boshlangan munosabatlar bugungi turkiylar va slavanlar o‘rtasida ham davom etmoqda, demakki, bu xalqlarning tillari o‘rtasida ham “lisoniy oldi-berdi”lar yuz bermoqda. Bu galgi maqolamizda qadim davrlardayoq rus tiliga o‘zlashib, bu til leksikasini boyitgan turkiy so‘zlar tahlilini beramiz.
O‘zbek va rus tilshunoslarining yakdil fikricha, tavar – tovar, kirpich – kirpich, boshmoq – bashmak, qalpaq – kalpak, ishton – shtani, tanga – dengi, o‘tuk – utug, qozon – kazan, o‘choq – ochag, qaratash – karandash, qopqon – kapkan, bahodir – bogatir, qorovul – karaul, yasovul – yesaul, tovar esh – tovarish, ayron – ayran, burunduq – burunduk, burgut – berkut, eshak – ishak, buqa – bugay, bo‘ron – buran, barxan – barxan, qaymoq – kaymak, arava – arba, bozor – bazar, o‘rda – orda, tarvuz – arbuz, qovurdoq – kavardak, yorliq – yarlik, ovul – aul, al – aliy, aralash – yeralash, xon – xan, xo‘jayin – xozain, baqqol – bakaleya, tamg‘a – tamojnya, chinor – chinar, olmos – almaz, zumrad – izumrud, qo‘lbasti – kolbasa tarzida turkiy tillardan rus tiliga o‘zlashgan.
Yuqoridagi so‘zlarni o‘zbek tilidan yoki qirg‘iz tilidan rus tiliga o‘zlashgan, deyilmasligining bosh sababi – ayni so‘zlarning hali turkiy tillar alohida o‘zbek, qirg‘iz tillari sifatida ajralib ulgurmagan davrlardayoq o‘zlashishi boshlanganligidir. Shuning uchun bu so‘zlarni aniq qaysi tildan o‘zlashganligini aniqlash, birinchidan, o‘ta mushkul ish; ikkinchidan, slavanlar yoki rus xalqi aksar turkiy xalqlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan, ayrimlari bilan bir mamlakat tarkibida yashagan; uchinchidan, maxsus monografik tadqiqotlarni talab qiladi.
Fanda “olam manzarasi” degan atama bor. Bu termin “olamdagi narsa-hodisalarning tasavvurlar shaklida aks etishi” ma’nosini bildiradi. Olam manzarasi atamasini chuqur o‘rganish natijasida olamning konseptual manzarasi, olamning badiiy manzarasi, olamning ilmiy manzarasi, olamning lisoniy manzarasi singari terminlar yuzaga keldi. Masalan, olamning konseptual manzarasi – “inson tafakkurida borliqdagi narsa-hodisalar haqidagi tushunchalarning aksi” ma’nosini, olamning badiiy manzarasi – “borliqdagi narsa-hodisalar haqidagi tushunchalarning badiiy asarlardagi aksi” ma’nosini, olamning lisoniy manzarasi – “borliqdagi narsa-hodisalar haqidagi tushunchalarning so‘z, ibora va boshqalardagi aksi” ma’nosini bildiradi. Bir tildan ikkinchi tilga so‘z olinar ekan, o‘sha so‘z bilan birga olamning konseptual manzarasidagi tushuncha ham qabul qilinadi.
Qadimgi turkiy xalqlar tilidan slavan tiliga kirpich degan so‘z olingan. Mazkur so‘z quruqdan quruq rus tiliga o‘zlashmay, “o‘tda toblab tayyorlangan qurilish ashyo” bilan birga qabul qilingan. Bu holatda kirpich so‘zi “rus lisoniy manzarasi”ni, “o‘tda toblab tayyorlangan qurilish ashyo” tushunchasi “rus konseptual manzarasi”ni boyitgan. Demak, bir xalq boshqa xalqdan o‘zida yo‘q tushunchani olsa, o‘sha xalqning tili ham, tafakkuri ham yangi so‘z va tushuncha bilan boyiydi va bu juda ijobiy jarayon.
Shu jihatdan olib qaraganda, tanga – dengi, o‘tuk – utug, o‘choq – ochag, qaratash – karandash, qopqon – kapkan, tovar esh – tovarish, ayron – ayran, tarvuz – arbuz, qovurdoq – kavardak, yorliq – yarlik, ovul – aul so‘zlari rus tili va tafakkurini boyitgan.
Xo‘sh, kolbasa so‘zi qanday qilib rus tiliga o‘zlashgan. Azaldan turkiy xalqlar chorvadorlik bilan kun kechirgan. Shu bois ularning oshxona madaniyatida go‘shtli taomlar ko‘p tayyorlangan. Ana shunday taomlardan biri qoramol, ot, qo‘y va boshqa hayvonlarning ichagiga go‘sht-yog‘ tiqib, qaynatib pishirilgan. Demak, ichakka qo‘l bilan go‘sht-yog‘ni bosib-tiqib tayyorlanadigan yegulik qo‘lbasti deyilgan. O‘zaro oldi-berdi jarayonlarida yoki mehmondorchilik paytida ruslar ham bu yegulikni ko‘rgan yoxud yegan bo‘lishi tabiiy. Shu tarzda ayni taom rus oshxonasiga, qo‘lbasti so‘zi rus tiliga kirib borgan. Rus tilda q tovushi bo‘lmagani sababli o‘z tillariga moslab kolbasa deb atay boshlaganlar. Keyinchalik ruslar kolbasa tayyorlashning yangi-yangi usullarini tayyorlashni, o‘zbeklar qazi, hasip pishirishni o‘rgandilar. XX asrning ikkinchi yarmidan qo‘lbasti degan so‘zimiz kolbasa bo‘lib tilimizga qaytib keldi.
Tildan tilga so‘z o‘tar ekan bu yangi tushunchaning nomi bo‘lib o‘zlashmasligi ham mumkin. Ya’ni bunday so‘zlar yuqorida qayd qilingan qo‘lbasti, ayran, o‘tuk, barxan, chinar kabi so‘zlardan farqli o‘zlashgan. Rus tilidagi karaul, shurpa, ishak, aliy, derevnya singari so‘zlar rus tilida yo‘q tushunchaning nomi sifatida turkiy tillardan qabul qilinmagan, chunki rus tilida bu so‘zlar o‘zlashgunga qadar ham tegishli tushunchalar va ularning nomlari bo‘lgan. Masalan, storoj, drug, osol, krasniy, derevnya so‘zlari va ularga xos tushunchalar bor edi. Turkiycha qorovul, tovar esh, eshak, al, ovul kabilar yangi so‘z sifatidagina o‘zlashgan, shu bilan birga, ruscha so‘zlarning sinonimlariga aylangan.
Ushbu turkiy so‘zlar slavanlar, xususan, ruslar turmushiga chuqur singib ketganligi sababli ular ishtirokida qator rus xalq maqollari ijod qilingan: Xot v orde, da v dobre. Starshix ix v orde pochitayut. Xot v ordu, tak poydu. Gde xan, tut i orda. Odin ot Zolotoy ordi, drugoy ot rijey borodi. (V.Dal. Poslovisi russkogo naroda)
Xullas, bir tildan ikkinchi tilga so‘z qabul qilinishini o‘z-o‘zidan bo‘ladigan – inson ta’siri, aralashuvidan tashqarida kechadigan jarayon emas. U yoki bu til boshqa bir tilga so‘zini berishidan oldin shu tilning egasi hisoblangan xalq so‘z oluvchi tilning egasi bo‘lgan xalq bilan aloqaga kirishadi, hamkorlik qiladi. Ana undan keyin so‘z beriladi, so‘z olinadi. Muayan tilda boshqa til so‘zining ko‘pligi aslida o‘sha tillar egalarining hamkorlik aloqalari ko‘p bo‘lganligi va uzoq davom etganligini ko‘rsatadi. Millatlararo aloqalar yo‘lga qo‘yilmasa, tillarning so‘z oldi-berdisi ham yuz bermaydi. Bunday holatda o‘rtada vositachi til paydo bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda ayrim o‘zbekcha iboralar qanday qilib ham salbiy, ham ijobiy munosabatni bildirishi haqida so‘z borgan edi.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
Aqiqa, beshikto‘yi, bolaqochdi: sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlarni bilasizmi?
O‘zbek to‘yi: nikoh va undan keyingi urf-odatlarni bilasizmi
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Nortoy, Jovli, Ashura: o‘zbeklar ism tanlashda nimalarga e’tibor qaratgan
Kir, o‘r, dori: tarixi qiziq bo‘lgan so‘zlarni bilasizmi?
Nomi chiqqan, ko‘z ochib ko‘rgan: iboralar nega ba’zan qarama-qarshi ma’noni anglatadi?