Samarqandda BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 13-17 noyabr kunlari Samarqandda BMTning cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Joriy yilning 13-17 noyabr kunlari Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li" kongress-xollda BMT Konvensiyasi (CRIC 21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu xaqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Tadbir doirasida Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Karib havzasi, Shimoliy O‘rtayer dengizi, Markaziy va Sharqiy Yevropa uchun konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha ishtirokchi davlatlar o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
CRIC 21 davomida tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) 2018-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiya asoslarini ko‘rib chiqadilar.
Shuningdek, konferensiyada yerning degradatsiyasiga betaraflik maqsadlarini belgilash borasida ixtiyoriy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq tadbirlar haqida ma’lumot beriladi.
Bundan tashqari, qurg‘oqchilikni samarali boshqarish siyosati va uni amalga oshirish bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi CRIC 21 doirasida o‘z taraqqiyot hisobotini taqdim etadi.
Ma’lumot uchun, mazkur tadbir O‘zbekiston hukumati tomonidan CRIC 21 homiyligida tashkil etiladi.