TOShKENT, 9 okt — Sputnik. O‘zbekiston Falastin-Isroil mojarosi keskinlashganidan jiddiy xavotir bildirdi. Bu haqda mamlakat TIV rasmiy bayonot berdi.
"O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Falastin-Isroil mojarosi hududida tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga olib kelgan va butun Yaqin Sharqdagi vaziyatni sezilarli darajada murakkablashtirgan holat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildiradi", - deyilgan bayonotda.
O‘zbekiston kurashayotgan tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatlarda tugatish va inqirozni siyosiy hamda diplomatik vositalar orqali hal qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan.
"So‘nggi voqealar munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiramiz va barcha jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz", - deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.