TOShKENT, 8 okt — Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
O‘zbekistonlik atletlar bu galgi musobaqada 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medal qo‘lga kiritib, 45 mamlakat orasida faxrli 5-o‘rinni egalladi.
Bu O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlari tarixida medallar sifati va soni bo‘yicha eng yaxshi natijasi bo‘ldi.
Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya Osiyo o‘yinlarining yetakchilari bo‘ldi.
Qozog‘iston 11, Qirg‘iziston 18, Tojikiston 24 va Turkmaniston 29-o‘rinni egalladi.
Yakunlanib borayotgan qit’a o‘yinlarida 45 davlatning 12 mingdan ziyod sportchilari ishtirok etdi. Bugun o‘yinlarning yopilish marosimlari tashkil etiladi.