TOShKENT, 8 okt — Sputnik. O‘zbekiston sporti tarixida ilk bor mamlakat vakili Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘ldi. Bu nomga Yevroosiyo ot sporti assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev sazovor bo‘ldi, deya xabar qildi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining ot sporti musobaqalari o‘tkazilgan Tognlu shahrida Osiyo ot sporti federatsiyasining navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Uning kun tartibidan federatsiya vitse-prezidentlarini saylash masalasi ham o‘rin olgan edi.
Ushbu yuksak lavozimga nomzodlar orasida Xitoy, BAA, Janubiy Koreya, Liviya va Eron vakillari qatori O‘zbekistondan nomzod ilgari surildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik Bahromjon Gaziyev Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
Shuningdek, Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga Yaponiya, Janubiy Koreya va Liviya vakillari ham tasdiqlandi.