TOShKENT, 8 okt — Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida ayollarga 10 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Bu haqda Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara Urinboyeva Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Kollej va texnikumlarda o‘qiyotgan xotin-qizlarga davlat granti ajratiladi
Hukumatning 516-sonli qarori bilan kollej va texnikumlarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar o‘quv yilining 10-oktabriga qadar kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida o‘qish uchun ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Arizalar taalluqliligi bo‘yicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Ular umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.
To‘lov kontraktda o‘qiyotgan xotin-qizlar foizsiz ta’lim krediti oladi
Prezidentning PQ-323-sonli qaroriga ko‘ra, o‘tgan yildan buyon to‘lov-kontraktda o‘qiyotgan xotin-qizlarga imtiyozli foizsiz ta’lim krediti berilmoqda. Kreditlar kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakliga beriladi.
Ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning ta’lim muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7-yil davomida qaytariladi. Talaba qizlardan kredit olish uchun ko‘p hujjatlar ta’lab etilmaydi. Ulardan bankka ariza, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ta’lim muassasasi bilan to‘lov-kontrakt shartnomasi va kafil ta’lab etiladi.
Ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi
Vazirlar Mahkamasining 402-sonli qarori bilan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi.
Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida taqdim etiladi:
kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.
Magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi
Hukumatning 447-sonli qarori bilan qabul qilingan tegishli nizomda OTM magistraturasida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tartibi belgilangan.
OTM, shu jumladan, Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.
Buning uchun davlat OTMning magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan talaba xotin-qizlar o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan o‘zlari o‘qiydigan OTM rektori nomiga 15-sentabrgacha ariza bilan murojaat etadi.
Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 33 million so‘mgacha kreditlar ajratiladi
Prezidentning PQ-5020-sonli qarori bilan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 3-yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million so‘mgacha kreditlar beriladi.
Buning uchun ular quyidagi dasturlardan birini muvaffaqiyatli tugatgan bo‘lishi kerak:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi ma’qullangan dasturlar asosidagi o‘quv kurslari;
"Ishga marhamat" monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat ta’lim muassasalarining kasbga o‘rgatish o‘quv kurslarining maxsus o‘qitish dasturlari.
Ayollarni pensiya yoshiga to‘lgani sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish taqiqlanadi
Prezidentning PQ-4235-son qarori bilan, ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.
Erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.
Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi
Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qarori bilan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar to‘lovining 10 foizi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlang‘ich badal sifatida), 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.
Arizalar tuman hokimi boshchiligidagi hududiy komissiyaga beriladi.
“Ayollar daftari” ga kiritilganlarga 5 mln so‘mgacha kreditlar naqd berilishi mumkin
Vazirlar Mahkamasining 145-sonliqarori bilan, "Ayollar daftari"ga kiritilgan va o‘zini o‘zi band qiladigan xotin-qizlarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln so‘mgacha miqdorida kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin.
“Ayollar daftari” ga 30 yoshdan oshgan quyidagi xotin-qizlar kiritiladi:
ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
uy-joyga muhtoj xotin-qizlar;
qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ehtiyojmand xotin-qizlar.
Faol va tashabbuskor xotin-qizlar "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi
Vazirlar Mahkamasining 257-sonli qarori bilan, jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan ayollar "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi. Shuningdek, mazkur ko‘krak nishoni o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga ham beriladi.
Nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ishga olganlarga subsidiya beriladi
Prezidentning PQ–329-son qarori bilan, mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (600 ming so‘m) dan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning farzandlari ham bog‘chaga imtiyozli ro‘yxat asosida qabul qilinadi
Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega.
Bolalarni imtiyozli ro‘yxat bo‘yicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.