Rauf Parfi — biografiya

Rauf Parfi — O‘zbekiston xalq shoiri, mohir tarjimon, bir qator dunyo miqyosidagi mukofotlar sovrindori, o‘zbek she’riyatiga yangilik oqimini olib kirgan ma’rifatparvar shoir.
Sputnik

Rauf Parfi biografiyasi

Iste’dodli shoir Rauf Parfi 1943-yil 27-sentabrda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining Sho‘ralisoy qishlog‘ida dunyoga keldi. Boshlang‘ich va o‘rta ma’lumotni “Sharq yulduzi”(1-7 sinflar), Sho‘ralisoydagi 53 (8-9 sinflar), Yangiyo‘l shahridagi Alisher Navoiy nomli (10-11 sinflar) maktablarda oldi. Uning birinchi she’ri 1958-yili Yangiyo‘l tuman gazetasida bosilib chiqdi.1960-1965 yillarda Toshkent Davlat universitetining filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limida tahsil oladi.
Rauf Parfi

Faoliyati

U Respublika kino qo‘mitasida, G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at, “Yozuvchi” nashriyotlarida muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Targ‘ibot markazida bosh muharrir, “Jahon adabiyoti” jurnalida yetakchi muharrir vazifalarida hamda “Oydin”, “Vatan”, “Vatan”, “Turkiston” gazetalarida xizmat qildi.
Rauf Parfi

Ijodiy yo‘li

Uning ilk she’rlari 50-yillarning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan bo‘lsada, Rauf Parfi 60-yillarning o‘rtalariga kelib, shoir sifatida tanildi. Uning “Karvon yo‘li” (1969), “Aks-sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1975), “Ko‘zlar” (1977), “Qaytish” (1978), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1989) va “Tavba” kabi o‘nlab she’riy to‘plamlari bosilib chiqdi. Uning yana o‘z qo‘li bilan tartib bergan “So‘nggi vido” (o‘limidan so‘ng, 2006-yili chop etilgan), “Hukmnoma” va “Iymon asiri” deb atalgan she’rlar, adabiy qayd, ixcham tadqiqotlardan iborat kitoblari yaqinlari va muxlislariga ma’lum. U nasr bilan ham shug‘ullangan, ayrim hikoyalarini matbuotda e’lon qilishga ulgurgan ham edi.
Rauf Parfi
Rauf Parfi she’riyatining asosiy mavzusi - bu shaxs erki, Vatan mustaqilligi va Turkiston, turk dunyosining birligidir. Ekrlikni kuylovchi she’rlariga "Bir qushcha" she’rini misol qilib keltirish mumkin:
Bir qushcha derazam yonida
O‘tirar parishon va g‘arib.
Yig‘laydi ko‘zlari yonadi,
Ko‘zlari ikkita marvarid.
Bir ajib navoga o‘xshaydi,
Shoirga o‘xshaydi bir hassos.
Miskin soz chalmoqqa u shaydir,
Dardiga bordir-ku bir asos.
Men unga qarayman ohista,
Men qushcha holiga yig‘layman.
Va lekin bilmayman, ne istar,
Bilmayman, hech qachon, bilmayman...
Turli yillarda shoirning “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” kabi jurnallarda, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Turkiston” gazetalarida Mustaqillik davrini kuylovchi o‘nlab ajoyib she’rlari bosildi. Uning she’rlarining dovrug‘i uzoqlarga yetgan. Turk, ozarbayjon, ingliz, rus, latish, eston va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Rauf Parfi

Rauf Parfi tarjimon sifatida

U o‘zbek tilidan tashqari turk tilini mukammal bilgan, rus tilini yaxshi tushungan. Mohir tarjimon sifatida Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Karlo Kaladzening “Dengiz xayoli” kabi asarlarini o‘zbek kitobxonlariga yetkazdi.
Rauf Parfi “Sabr daraxti” (1986) she’riy to‘plami uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi sovriniga musharraf bo‘lgan. Shuningdek, Turkiyada o‘tkazilgan turkiguy shoirlar tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Turkiya Yozarlar birligining adabiy mukofotini ham qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari u Xalqaro Mahmud Qoshg‘ariy, Turkiya Diyonat Vaqfi mukofotlarining sohibidir. 1999-yilda “O‘zbekiston Xalq shoiri” degan yuksak unvon bilan taqdirlanadi.
Rauf Parfi
Rauf Parfi 2005-yilning 28-martida oltmish uch yoshida yurak hurujidan vafot etgan.