Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmaydi

Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas.
Sputnik
TOShKENT, 7 okt — Sputnik. Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmaydi, deya xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.
Aytilishicha, Project.gov.uz portalida Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va ularni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, madaniyat va istirohat bog‘larini viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” tasarrufiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
“Vaziyatni o‘rgangan va Botanika bog‘i mutaxassislari bilan suhbatlashgan holda, shuni ma’lum qilamizki, Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmagan va hokimlik mazkur qaror tashabbuskori emas”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o‘simliklar genofondini saqlash va ko‘paytirishdagi ahamiyatini e’tirof etadi va uni istirohat bog‘iga aylantirishga yo‘l qo‘ymaydi.
"Hokimlik bog‘ga g‘amxo‘rlik qilayotgan, uning taqdiridan qayg‘urayotgan faol shahar aholisiga, xususan, O‘zbekiston bosh dendrologi Atirgul Xolmirzayevaga o‘z minnatdorchiligini bildiradi", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Xabarda Toshkent shahri aholisidan hokimlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumotlarni 71 2100163 telefon raqami hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar orqali olish so‘ralgan.