TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Xitoydagi Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik sportchilar slalomda eshkak eshish va erkin kurash bo‘yicha navbatdagi bahslarga yo‘l olishdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Slalomda eshkak eshish bo‘yicha yarim final bahslariga start berildi. Kanoe slalomida kechgan bahsda Anvar Klevleyev 101.49 soniya natija bilan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ushbu dasturda qatnashgan Alibek Temirgaliyevning 105.54 natijasi final uchun yetarli bo‘lmadi. Final bahsi bugun Toshkent vaqti bilam 11:00 da boshlanadi.
Shuningdek, bugundan erkin kurash ustalari ham bahslarga kirishishdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nodirjon Safarov (-57 kg) ilk bosqichda g‘alaba qozondi.
Ayollar kurashi dasturida Dilfuza Aimbetova (-62 kg) ham birinchi bellashuvini muvaffaqiyatli o‘tkazib, chorak finalga yo‘l oldi.
Afsuski, Abbos Rahmonov (-65 kg) eronlik raqibiga imkoniyatni boy berdi. Endi u eronlik kurashchi finalgacha yetib borgan taqdirda bronza medali uchun kurashish imkonini saqlab qoladi.
Ma’lumot uchun, Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida bugundan sport raqsi, badiiy gimnastika va sinxron suzish dasturlarida bahslar boshlanadi. Ko‘pchilikning e’tibori og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi -109 kg vazn toifasidagi dasturga qaratilishi shubhasiz. Unda ikki Olimpiada chempionlari Ruslan Nurudinov hamda Akbar Jo‘rayev oltin medal uchun raqobat olib borishadi.