Rossiya va O‘zbekiston ittifoqchilik munosabatlarning yangi sahifasini ochmoqda – Mishustin

Moskvada Shavkat Mirziyoyev va Mixail Mishustin uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston do‘stona, sherikchilik va ittifoqchilik munosabatlarning yangi sahifasini ochmoqda. Bu haqda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Rossiya hukumati raisi bu Shavkat Mirziyoyev uchun O‘zbekiston prezidenti lavozimiga qayta saylangandan keyin birinchi tashrif ekani va Rossiya ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
“Tashrif O‘zbekiston va Rossiya xalqlarini bog‘lab turgan do‘stona, sherikchilik va ittifoqchilik munosabatlarimiz rivojlanishida yangi sahifa ochishiga ishonchim mutlaqo komil”, - dedi Mishustin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo-iqtisodiy aylanmasi 612 mlrd dollardan oshgan. Yanvar-iyul oylarida o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 14,5 foizga o‘sib, 470 mlrd dollardan oshgan.
Rossiya bosh vaziri uchrashuvda Kremlda O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari muzokaralarida erishiladigan kelishuvlar ustidan ishlashga va’da berdi.
O‘zbekiston prezidenti 5-7 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘lib turibdi. Mirziyoyev tashrifini Tataristondan boshladi. Tashrif doirasida Qozon shahridagi “Kazan Ekspo” markazida ochilgan Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Bugun Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi va qator idoralararo va tijoriy hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.